Bugun Yunusobod tumanidagi 80-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilarini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining bosh mutaxassisi, "Do‘stlik" ordeni sohibi, taniqli shoir va tarjimon Abdumajid Azim bilan uchrashuvga olib bordik. Mavzu esa, tor doirada emas, sarlavhadagidek keng qamrovli bo‘ldi. O‘rtaga bitta umumiy savol tashlandi: "Globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan hozirgi taloto‘p bir zamonda adabiyotning inson hayoti uchun ahamiyati qay darajada?"
Avvalo shoir Abdumajid Azim haqida muxtasar so‘z: umrining shu lahzasigacha shoirning o‘n beshta kitobi chop etilgan. Aleksandr Blok, Yevgeniy Yevtushenko kabi zabardast rus shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga originalligini saqlab qolgan holda tarjima qilgan.
Aytish joizki, majlislar zali, maxsus tayyorgarlik ko‘rilgan anjumanlardan farqli o‘laroq kamtarin ijodkorning ish kabinetida samimiy gurung tarzida o‘tgan mazkur ijodiy uchrashuv o‘quvchilarimiz uchun uzoq eslab yuriladigan manfaatli izdihom bo‘ldi. Hozircha uchrashuv xabarini berdik. Tafsilotlar xususida keyinroq bafurja to‘xtalamiz!